So‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, fuqarolarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni yanada yaqinlashtirish, kasalliklar profilaktikasi va ularni erta aniqlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarining amaliyotga joriy etilgani, shuningdek onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi esa 26 foizga kamaygan.
Bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ko‘lamini oshirish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi bolalar kasalliklari bo‘limida 6 o‘rinlik bolalar anesteziologiya-reanimatsiyasi, tumanlararo perinatal markazda 6 o‘rinlik chaqaloqlar reanimatsiyasi hamda 5 o‘rinlik chaqoloqlar patologiyasi bo‘limi, shuningdek ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bolalar bo‘limlari tashkil etilgan.
Bolalar o‘rtasida kasalliklarni oldini olish va erta aniqlash maqsadida tumanimizdagi 32 ming 756 nafar 0–18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan 31 ming 452 nafari (96.0%) chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va 11 ming 291 nafarida (35.9%) kasallik aniqlandi. Aniqlangan kasalligi bor bolalar ambulator va statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilmoqda.
2–10 yoshli bolalardan gelmintozni aniqlash maqsadida 15 ming 872 nafari (97.5%) skriningdan o‘tkazildi, 206 nafar (1.3%) bolada kasallik aniqlandi va ular 100% sog‘lomlashtirildi.
3–18 yoshli bolalarning 25 ming 799 nafari (95.1%) gematoonkologik kasalliklarni aniqlash bo‘yicha skriningdan o‘tkazildi. 1 nafar bolada kasallik aniqlandi va sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Em lash kalendari bo‘yicha emlash ishlari 10 oylik reja bo‘yicha 98.7% darajada amalga oshirilgan.
✍️ Yangibozor tuman bosh pediatri:
I. Polvonova