So‘nggi ikki yil ichida mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 1500 taga ko‘payib, hozirda ularning soni 5100 taga yetdi. Ayni paytda tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, investorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik tizimi joriy etilmoqda.
Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov va Li Dong Uklar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2019 yil 16 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 10 maydagi “Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni bu sohadagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjatlarga ko‘ra sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat va xususiy sherik o‘rtasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish kabi shakllarni birlashtirish orqali amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
— Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlash ko‘zda tutilgan, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Kamolxo‘ja Eshnazarov. — Unga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tijorat banklari tomonidan 200 million AQSH dollariga teng bo‘lgan imtiyozli kreditlar 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 8 yilgacha bo‘lgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1,0 foiz miqdorida amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, yuqorida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, sohada birlamchi ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri bo‘lgan gemodializ xizmatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihaga qariyb 10 million AQSH dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritilishi belgilangan.
Hozirgi kunda ana shu yangi tizim asosida gemodializ, onkologiya, reabilitatsiya va ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini tashkil etish, markazlashgan laboratoriya xizmatlari, elektron sog‘liqni saqlash tizimini, shuningdek, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tibbiyot klasterini yaratish rejalashtirilgan va ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish Agentligi bilan birgalikda tegishli ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, davlat tibbiyot muassasalarining asosiy e’tiborini davolash ishlariga qaratish orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida, tibbiyot muassasalarini qo‘shimcha va yordamchi funksiyalarini tadbirkorlarga autsorsing asosida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish orqali davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish uchun imkoniyat yaratib beradi.
Bu esa tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning o‘zida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyati, ya’ni qaysi tibbiyot muassasasida davolanish ma’qul kelsa, o‘sha shifoxonaning xizmatlaridan foydalanishga keng yo‘l ochadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.