🌿Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi

Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar – bu sekin rivojlanadigan, surunkali davom etadigan, insоndаn insonga yuqmaydigan va insonni butun umri davomida qiynaydigan kasalliklardir, ular dunyo bo‘ylab o‘limning 74 foiziga sabab bo‘ladi.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish va erta aniqlash maqsadida 40 va undan katta yoshdagilar orasida yurak – qon tomir kasalliklari hamda qandli diabet kasalligi bo‘yicha skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Tumanimizda joriy yilning 10 oyi davomida skrining tekshiruvlari va profilaktik ko‘riklar natijasida 1891 nafar odamda yurak – qon tomir kasalliklari, 1325 nafar odamda nafas olish organlarining surunkali kasalliklari, 126 nafar odamda qandli diabet kasalligi hayotida birinchi marta aniqlanadi. Kasallik aniqlangan bemorlar ahvoliga qarab ambulator va statsionar sharoitda davolanish uchun yo‘naltirildilar.

Qayd etish joizki, dunyo miqyosida qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchramoqda. Odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari bilan ko‘proq og‘rimoqda. Ushbu yuqumli bo‘lmagan xastaliklar kelib chiqishining eng asosiy omillaridan biri sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslikdir.

Sababi texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining o‘zgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi kamaydi, chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar ko‘paydi, tarkibida yog‘, qand va tuz miqdori yuqori bo‘lgan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli ko‘paydi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari o‘zgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni yetarli iste’mol qilmaslik, tuzni me’yordan ortiq iste’mol qilish holatlari ham ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida, turmush tarzining o‘zgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Sog‘lom bo‘lish uchun to‘g‘ri ovqatlaning, tarkibida yog‘, qand va tuz miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni cheklang, ko‘proq meva va sabzavotlar, ko‘katlar iste’mol qiling.
Jismoniy faollikni oshiring, tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qilishdan yiroq bo‘ling!
Yilda bir marotaba oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘ting.

Mamlakatimizda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt o‘limi hamda kasallanishini kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida” 2025 yil 31 oktyabrdagi 335-sonli buyrug‘i asosida 3–30 noyabr kunlari tumanimizda “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Salomatlik marafoni” davomida aholi keng qatlamini profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga jalb etish, ularning o‘z salomatligiga mas’ulligini oshirish hamda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan qandli diabet, yurak – qon tomir kasalliklari, saraton (rak) kabi kasalliklarning profilaktikasiga doir tushunchalarini boyitish belgilangan.

✍️ Yangibozor tumani bosh terapevti
 Z. Safarov


15-11-2025, 14:33
Ko'rishlar: 35
Sahifani chop etish
2025-yil - “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot” yili