"Omikron"ni grippdan qanday farqlash mumkin?

Hozir dunyoning qator davlatlarida koronavirus pademiyasining yangi to‘lqini bilan birga, gripp va O‘RVI epidemiyasi ham kuzatilmoqda. Biroq shamollash bilan bog‘liq bu xastaliklar belgilari aksariyat hollarda “omikron” shtammi alomatlari bilan deyarli bir xil namoyon bo‘lyapti.
Xo‘sh, tibbiy tahlillarsiz ushbu kasalliklarni bir-biridan qanday farqlash mumkin?
 — Koronavirus kasalligiga xos ayrim belgilar shamollash va gripp simptomlariga juda o‘xshash, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimova. — Tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik, ishtaha yo‘qolishi, bosh, tomoq va mushaklardagi og‘riqlar shular jumlasidan.
Shunga qaramay, ularni o‘zaro ajratib turuvchi holatlar bor. Xususan:
 Gripp virusining inkubatsiya davri ancha qisqa — 1-2 kunni tashkil etadi. "Omikron"ning yashirin muddati esa uzoqroq — 4-6 kun davom etadi.
 Demak, grippga chalingan bemor bilan muloqotdan bir kun o‘tib, betob bo‘lib qolsangiz, sizga ham mazkur infeksiya yuqqani ehtimoli yuqori.
 Qolaversa, odatiy gripp ko‘pincha mushak, bo‘g‘im va suyaklar hamda bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi.
 Burun oqishi va 37 daraja atrofidagi isitma esa boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga xos.
 Koronavirus natijasida ovqat hazm qilish tizimi faoliyati buzilishi mumkin. O‘RVI da esa bunday holat kam kuzatiladi.
 SOVID-19 ning o‘rta va og‘ir bosqichlarida kasallikning beshinchi-yettinchi kunlariga kelib, tana harorati 38-39 darajadan oshishi, nafas yetishmovchiligi, hansirash paydo bo‘lishi mumkin. Oddiy shamollash va grippda esa — aksincha xastalik boshlangandan 3-4 kun o‘tgach, bemor ahvoli yaxshilana boradi.
 Yuqoridagi holatlar kuzatilgan bemorlar, albatta, shifokor qabuliga borishlari shart. Aniq tashxis qo‘yish uchun epidemiologik anamnez, PZR-test va boshqa tibbiy tahlillar natijalari talab etiladi. Shunga ko‘ra, mutaxassis tomonidan tegishli muolajalar buyuriladi.
Eng samarali profilaktik chora sifatida esa koronavirusga qarshi o‘z vaqtida, to‘liq bosqichda va buster dozada emlanishni tavsiya etamiz.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
19-01-2023, 11:19
Ko'rishlar: 13
Sahifani chop etish
2025-yil - “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot” yili