Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani tibbiyot muassasalari beradimi?
2023-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 2023-yil 1-iyundan esa butun respublika hududida joriy qilinadi. Ya`ni tug‘ilganlik holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi. Tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) bola va unga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi barcha ma’lumotlarni elektron tibbiy ma’lumotnomani shakllantirish uchun maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga (keyingi o‘rinlarda — FHDY bo‘limi) “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi. Tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnoma fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari tomonidan belgilangan miqdorda gerb yig‘imi undirilgan holda rasmiylashtirib beriladi.
Yangibozor tuman FHDY bo`limi mudirasi: Madaminova Xolida
