Sog‘liqni saqlash mas’ullarining Xitoyga tashrifi doirasida qanday kelishuvlarga erishildi?
✅ Tadbir doirasida delegatsiya a’zolari Xitoyning yetakchi kompaniya va tashkilotlari vakillari bilan G2B formatida bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi.
♻️ Yurtimizda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish, tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha investitsiya, davlat-xususiy sheriklik va grant loyihalari muzokaralar diqqat markazida bo‘ldi.
🚑 Xususan, “Henan Costar Group Co. Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan muloqot yakunida mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmati uchun zamonaviy avtomobillarni yetkazib berish hamda maxsus avtomobillarni modifikatsiya qilish bo‘yicha zavod faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 150 million AQSH dollari bo‘lgan kelishuv imzolandi.
🏥 “China CAMC Engineering Co., Ltd.” kompaniyasi bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga asosan esa hududlarda oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari quriladi.
✍️ Yana bir muhim grant kelishuvi Xitoyning diagnostika sohasidagi yetakchilaridan bo‘lgan “Snibe Diagnostic” kompaniyasi bilan imzolandi.
🧪 Unga ko‘ra, mazkur kompaniyaning analizatorlari hamda sarflov materiallarining yurtimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
🔬Shuningdek, kelishuvga muvofiq “Snibe Diagnostic” qiymati 5 million AQSH dollari bo‘lgan 50 dona zamonaviy diagnostika-laboratoriya uskunalarini grant asosida mamlakatimizga taqdim etadi hamda yana 5 million AQSH dollari hisobiga servis-markazlar va o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yadi.
💰 E’tiborlisi, kelishuvlarning birinchi bosqichi beg‘araz grantlar asosida tibbiy jihozlar yoki boshqa turdagi mahsulot va xizmatlar bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
