SSV: tibbiy xatlov va skrining tadbirlarini samarali tashkil etish ishlari muhokama qilindi
Sog'liqni saqlash vazirligida ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag'ishlangan muloqot bo'lib o'tdi.
Vazir vazifasini bajaruvchi A.Xudayarov boshchiligidagi ushbu tadbirda Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilishda:
aholini tibbiy xatlovdan o'tkazishni jadallashtirish;
skrining tadbirlarining natijadorligini oshirish;
reproduktiv salomatlik;
tibbiy sug'urta mexanizmlarini joriy qilish borasidagi ishlar;
tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish va o'zaro integrasiya qilish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, tibbiy xatlov tadbirlari qanchalik ishonchli va samarali tashkil etilsa, aholini qiynab kelayotgan ko'plab masalalar hal bo'lishi bilan birga, birlamchi tizimda ishlayotgan shifokorlarning ham og'iri engil bo'ladi.
Aholi orasida surunkali kasalliklari bo'lgan o'rta xavf guruhini aniqlash tibbiy brigadalar zimmasidagi ustuvor vazifa ekani yana bir bor ta'kidlandi. Bu borada shifokorlarni qiynayotgan masalalar ochiq muhokama qilinib, ularni zudlik bilan hal etish bo'yicha mutaxassislarning fikrlari tinglandi. Shuningdek, Toshkent shahrida tibbiy sug'urta mexanizmlarini to'liq joriy qilish masalasiga alohida to'xtalib o'tildi.
Birlamchi tizim mas'ullariga xatlov jarayonida o'rta xavf guruhiga homilador ayollarni ham kiritib borish va bu orqali ularning tibbiy nazoratini kuchaytirish vazifasi qo'yildi.
Yig'ilishda aytilganidek, kasalliklarni erta aniqlash, jumladan, kardiologiya, endokrinologiya va onkologiya skrininglarini tashkil etish borasida tizimda qator muammolar bor. Bugungi muloqotda mazkur tibbiyot markazi rahbarlari va birlamchi tizim mas'ullari skrining tadbirlarining intensivligini oshirish va kelgusidagi rejalar borasida o'zaro fikr almashdi.
Birlamchi tizimni raqamlashtirish borasidagi asosiy muammo — muassasalarda lokal raqamlashtirish tadbirlari o'tkazilgan bo'lsa-da, ular o'zaro integrasiya qilinmagan. Bunga esa dasturiy ta'minot bilan bog'liq bir qancha masalalar sabab bo'lgan.
Endilikda tizim UZINFOCOM tomonidan yagona platformaga birlashtirilishi va bu dasturiy mahsulot joriy yil mart oyida pilot tarzda taqdim etilishi ma'lum qilindi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.